Prezidentimizning 2021 yil 21−22 yanvarʼ kunlari Buxoroga tashrifi davomida Olot tumani "Arabxona" mahalla fuqarolar yigʻini hududida 12 gektar maydondagi tuzli suv havzasi va qum barxani hududida davlat-xususiy sherikchilik asosida aholi salomatligini tiklash va xalq tabobatini koʻrsatishga ixtisoslashgan zamonaviy tibbiy turizm markazini tashkil etish belgilangan edi. Viloyat Turizm va sport bosh boshqarmasi matbuot xizmatining xabariga koʻra, yaqinda tumanning Xoʻjadavlat hududida joylashgan Olot tuz konida mavsumiy tibbiy turizm maskani oʻz faoliyatini boshladi. Markazda 16 ta oʻtov oʻrnatilgan boʻlib, bir kunda u 200 dan ortiq tashrif buyuruvchilarga xizmat koʻrsatish imkoniyatiga ega.

Tibbiy nuqtai nazardan qaralganda, ochiq osmon ostidagi bu maskanda nevrologik kasalliklar (nevrit, polinevrit, radikulit,boʻgʻim va tayanch aʼzolari kasalliklari, artroz, artrit va buyrak kasalliklari) davolanadi. Muhim jihati, tashrif buyuruvchilarning har biri muolajalarni olishdan avval tibbiy xodimlar koʻrigidan oʻtishi hamda arterial qon bosimini aniqlashi talab etiladi. 

Maskanda qumli vannalar, tuzli suv, tuz kristallari va qora balchiq muolajalarini oʻtkazish tartibi ishlab chiqilgan boʻlib, mutaxassislar tomonidan qoʻshimcha xizmatlar koʻrsatiladi. Mazkur tibbiy turistik markazga iyunʼ, iyulʼ, avgust oylarida qumli va tuzli tabiiy muolajalarni olib shifo topish maqsadida respublikaning barcha hududlaridan, qolaversa, qoʻshni respublikalardan mehmonlar tashrif buyurishlari mumkin. Qolaversa, ushbu maskanda tuya suti bilan davolash xizmatlari, shuningdek, dam olish joylari, sanitar-gigienik shoxobchalar, yengil konstruksiyali choʻmilish uchun dushlar qurilishi rejalashtirilgan.

M. AHADOV,

“Postda” muxbiri.

Buxoro viloyati.