Til – bu millatning ruhi, xalqning muqaddas va bebaho qadriyatlaridan biri. Yaqinda mamlakatimiz hayotidagi muhim ijtimoiy-siyosiy, tarixiy sana boʻlgan – Oʻzbekiston Respublikasining Davlat tili haqidagi qonuni qabul qilingan kunga 32 yil toʻldi.

Shu qutlugʻ sana munosabati bilan 2021 yil 19 oktyabr kuni IIV Qashqadaryo akademik litseyida “Qadring baland boʻlsin, ona tilim!” shiori ostida “Til bilimdonlari” tanlovi tashkil etildi. Ushbu tanlov ikki bosqichda oʻtkazildi. Test sinovlari shaklida boʻlib oʻtgan birinchi bosqichda akademik litseyning ona tili va adabiyot fani boʻyicha bilimli, iqtidorli oʻquvchilari saralab olindi.

Tanlovning yakuniy bosqichida ishtirok etgan uchta jamoa “savodxonlik saboqlari”, “adabiyot durdonalari”, tezkor savol-javoblar hamda oʻzbek tili lugʻat boyligidan oʻrin olgan soʻz va iboralarning maʼnosini izohlab berish kabi shartlar orqali oʻz bilim va salohiyatlarini namoyon etishdi.

Shuningdek, tadbir davomida oʻquvchilar tomonidan goʻzal diyorimizni, bebaho ona tilimizni madh etuvchi sheʼr va qoʻshiqlar ijro etildi. Qiziqarli va hayajonli lahzalarga boy boʻlgan “Til bilimdonlari” tanlovi barchaga maʼnaviy ozuqa hamda yaxshi kayfiyat ulashdi. Shu kabi zukkolik va bilimdonlik bahslari, ilmiy-maʼrifiy tadbirlar akademik litsey oʻqituvchilari hamda ichki ishlar organlari xodimlari oʻrtasida ham oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Tanlov gʻoliblari va faol ishtirokchilar 21 oktyabr sanasida munosib taqdirlanadi.


Iroda MURODOVA,

IIV Qashqadaryo akademik litseyi  

Ona tili va adabiyot fani oʻqituvchisi