8 dekabr – Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun
Konstitutsiyamiz buyuk ajdodlarimizning asriy armonlarini, erkin hayot, farovon jamiyat va adolatli davlat barpo etishdek orzularini oʻzida mujassam etgan. Bosh Qomusimiz barcha qabul qilinadigan qonunlar, meʼyoriy hujjatlar uchun mustahkam huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi.
Konstitutsiya – davlatning asosiy qonuni. U davlat tuzilishini, hokimiyat va boshqaruv organlari tizimini, ularning vakolati hamda shakllantirilish tartibi, saylov tizimi, fuqarolarning huquq va erkinliklarini belgilab beradi. Dunyoda birinchi konstitutsiya 1787 yili Aqshda qabul qilingan. Yevropada esa birinchi boʻlib 1791 yil Polsha oʻz konstitutsiyasini qabul qilgan. Har bir davlatning konstitutsiyasi oʻziga xos jihatlarga ega boʻlib, uning milliy xususiyatlari, anʼanalaridan kelib chiqadi.
Mustaqil Oʻzbekiston Konstitutsiyasini yaratish gʻoyasi ilk bor 1990 yil 20 iyunda boʻlib oʻtgan Oliy Kengashning 2-sessiyasida ilgari surilgan. Ushbu sessiyada Birinchi Prezident Islom Karimov raisligida 64 kishidan iborat Konstitutsiyaviy komissiyani tuzish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. Uning tarkibiga deputatlar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi
va viloyatlar vakillari, davlat hamda jamoat birlashmalari, korxonalar va xoʻjaliklar rahbarlari, huquqshunos olimlar, mutaxassislar kirgan. Komissiya ishlab chiqqan loyiha matbuotda eʼlon qilinib, keng muhokama qilingan.
Konstitutsiyamiz XII chaqiriq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining oʻn birinchi sessiyasida 1992 yil 8 dekabrda qabul qilindi. 30 yil davomida Bosh qomusimizga bir necha bor tuzatish, oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasidir”, deb taʼkidlagan edi. Darhaqiqat, suveren respublikamiz Konstitutsiyasi inson va fuqaro huquqlarining demokratik xartiyasi boʻlib, u huquqiy va insonparvar davlatni shakllantirishning strategik dasturi vazifasini oʻtab kelmoqda. Mamlakatimizda Konstitutsiyamizda belgilab berilgan qoida va tamoyillar negizida samarali milliy qonunchilik tizimi, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, fuqarolik jamiyati institutlari shakllanib, hayotimizning barcha soha va tarmoqlarida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilayotgani, davlatimizning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va harbiy salohiyati yuksalib, xalqimizning ongu tafakkuri tobora oʻsib borayotgani, ayniqsa, ahamiyatlidir.
Farhod YANGIBOYEV,
IIV Surxondaryo akademik litseyi huquqshunoslik fani oʻqituvchisi.
