Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, general-mayor B.Mirzarahimov tomonidan Surxondaryo viloyati IIB Tashkiliy boshqarmasi navbatchilik qismi va “102” tizimining tungi faoliyati oʻrganildi. Oʻrganish davomida, navbatchilik xizmati tomonidan kriminogen vaziyatni nazorat qilish, jinoyat va hodisalar toʻgʻrisida kelib tushgan xabarlar yuzasidan koʻrilgan tezkor chora-tadbirlar boʻyicha xodimlarning harakatlari tekshilib, ularga qoʻshimcha yoʻriqnoma berildi. Bundan tashqari, “102” tizimiga kelib tushayotgan xabarlar boʻyicha tezkorlik bilan maʼlumotlarning tegishli hududiy ichki ishlar organlariga yetkazilishi hamda tegishli xizmat xodimlarining voqea joyiga oʻz vaqtida yetib borishi nazoratdan oʻtkazildi.

Termiz shahar IIBning tungi faoliyati ham eʼtibordan chetda qolmadi. Xususan, navbatchilik qismiga aholidan kelib tushayotgan murojaatlarning “E-material” elektron dasturiga qayd etish va ijrosini taʼminlash jarayonlari bilan tanishildi. Berilgan shartli signal asosida IIB binosiga yigʻilgan tergov-tezkor guruhi aʼzolarining epikirovka va yordamchi vositalari nazorat tartibida koʻzdan kechirilib, ularga qoʻshimcha yoʻriqnoma berildi.

Shundan soʻng Termiz shahrida tungi xizmatga jalb etilgan shaxsiy tarkibning xizmat faoliyati joylarga chiqqan holda oʻrganildi. Jumladan, shaharning “Bogʻishamol” mahallasida joylashgan 12 mingdan oshiq aholi yashaydigan “Farovon” aholi massividagi 38 ta koʻp qavatli uyga xizmat koʻrsatuvchi Huquq-tartibot maskani faoliyati kuzatildi. Hududda xizmat olib borayotgan huquq-tartibot organlari xodimlarining hamkorlikdagi faoliyati tekshirilib, aholi va jamoatchilik vakillari bilan suhbatlar oʻtkazildi.

Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati.