Ichki ishlar organlari tizimida migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish yoʻnalishida xizmat qilayotgan xodimlarning ham alohida oʻrni bor. Xususan, Qashqadaryo viloyati IIB M va FRB xodimlari ham oʻzlariga yuklatilgan vazifani sidqidildan ado etishmoqda.
Jumladan, yaqinda Kitob tumani M va FRB xodimlari hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idora vakillari bilan hamkorlikda olib borilgan profilaktik tadbirlarda tuman hududida faoliyat olib borayotgan chet ellik tadbirkorlar tomonidan qonunbuzilish holati aniqlandi.
Jumladan, “Navroʻz” MFYda tashkil etilgan xorijiy korxona rahbari X. V. oʻzi rahbarlik qilayotgan MCHJda 2 nafar Xitoy Xalq Respublikasi fuqarolarini, ishchi vizasi boʻlsa-da, vaqtincha roʻyxatdan oʻtkazmasdan, noqonuniy ravishda yashab kelayotganligi aniqlangan. Ular Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga koʻra jarimaga tortildi.
Mazkur fuqarolarga bu xatti-harakatlari qonunga zid ekanligi tushuntirilib, kelgusida bunday holatga yoʻl qoʻymasligi yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.
Farruh BOYMIRZAYEV,
Kitob tumani IIB M va FRB boshligʻi, katta leytenant.
