Joriy yilning 18-yanvar kuni respublika Ichki ishlar vaziri jamoat xavfsizligi va aholi osoyishtaligini taʼminlashga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi oʻtkazgan edi. Mazkur yigʻilishda ichki ishlar organlari masʼullariga koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi bolalar uchun ixtisoslashgan maktab-internatlarida taʼlim sharoitlarini yaxshilash boʻyicha topshiriqlar berildi. Shu maʼnoda Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, general-mayor Gʻayrat Qodirov viloyat koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi bolalar uchun ixtisoslashgan maktab-internatini masʼullar bilan birgalikda oʻrgandi.
Mazkur jarayonda 150 oʻrinli oʻquv xonasi, 150 oʻrinli oshxona hamda 100 oʻrinli yotoqxonaga zarurat borligi ayon boʻldi. Shu bois viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi tegishli mutaxassislarni jalb qilgan holda oʻquv muassasasida amalga oshirilishi lozim boʻlgan qurilish va taʼmirlash rejasi hamda smetasini tayyorlash boʻyicha topshiriq berdi.
Maʼlumot oʻrnida aytish kerak, mazkur maktab-internati 2005 yilda maktabgacha taʼlim muassasasi oʻrnida qoʻshimcha binolar qurish va moslashtirish yoʻli bilan barpo etilgan. Bu yerda asosan Jizzax, qisman Sirdaryo va Samarqand viloyatlarida yashovchi 286 nafar oʻquvchi taʼlim oladi, yashaydi. Oʻquv dargohida 31 ta sinfxona bor. Mavjud 150 oʻrinli yotoqxona 240 oʻringa moslangan. Joy yetishmasligi sabab 100 oʻrinli oshxonadan 2 navbatda foydalaniladi.
Xullas, tez orada uchinchi sektor masʼullari rahbarligida muasasasada qurilish va taʼmirlash ishlariga kirishiladi.
Alijon ABDUSATTOROV,
“Rostda” muxbiri.
Jizzax viloyati.
