– Soʻnggi yillarda davlat idoralari vakillarining aholi bilan yaqin muloqotda boʻlishi odatiy holga aylandi. Shu asnoda fuqarolarning murojaatlari atroflicha oʻrganilib, ularni ijobiy hal etish choralari koʻrilmoqda, – deydi tuman IIB boshligʻi, podpolkovnik Bekzod Xaitbayev. – Sektor hududida tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, ishlab chiqarish korxonalarini koʻpaytirish hamda qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratish masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Hududdagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash kundalik muhim vazifaga aylangan. Shu maqsadda «Temir daftar»ga kiritilgan kam taʼminlangan oilalarning turmush tarzi toʻla oʻrganib chiqildi. Natijada ushbu oilalarda yashovchi fuqarolarning 298 nafari mehnatga layoqatli ekanligi aniqlanib, ularning bandligi taʼminlandi. – Farzandim sogʻligʻida nuqsoni borligi tufayli nogiron boʻlib qolgan, – deydi Hamid Olimjon nomli mahallada yashovchi Gulsanam Qobulova. – Ammo uning bilim olishga ishtiyoqi baland. Shu boisdan oʻgʻlimga kerakli kitoblar, oʻquv qurollari olib berganman. Lekin kompyuter sotib olishga qurbimiz yetmayotgandi. Oilamiz ahvolidan xabar topgan uchinchi sektor rahbari farzandimga noutbuk sovgʻa qildi. Shu kuni oilamizda chinakam bayram boʻldi. Ayniqsa, oʻgʻlimning quvonchini koʻrsangiz edi.
Ayollarning jamiyatdagi faolligini oshirish, salomatligini mustahkamlash, ularni ish bilan taʼminlash, taʼlim jarayonlariga jalb etish, kasb-hunarga yoʻnaltirish kabi vazifalar sektor rahbari eʼtiborida. Sektor hududidagi ehtiyojmand oilalarning uylarini taʼmirlash, koʻcha va yoʻlaklarni obodonlashtirish, fuqarolarning tomorqadan unumli foydalanish masalalari ham diqqat markazida. Bundan tashqari, aholini elektr energiyasi, ichimlik suvi hamda tabiiy gaz bilan taʼminlash, transport qatnovidagi muammolarni hal etish kabi koʻplab masalalar oʻz yechimini topmoqda.
Xudoybergan JABBOROV,
oʻz muxbirimiz.
