Jizzax viloyati IIB boshligʻi, general-mayor Gʻayrat Qodirov aholi punktlarini obodonlashtirishga qaratilgan tadbirlar sifati bilan tanishish maqsadida Paxtakor tumanidagi Dilorom mahallasida boʻldi. Bu yerda noqonuniy inshootlar buzilib, chiqindilar olib chiqilmoqda. Ochiq aytish kerak, 4544 nafar aholi istiqomat qiladigan, 56 ta koʻp qavatli uy hamda 83 ta hovliga ega mazkur mahallada tozalik borasidagi vaziyatni yaxshi, deb boʻlmaydi. Turar joylarning tashqi koʻrinishi ham koʻngildagidek emas. Lekin tez orada hammasi oʻzgarishi aniq. Qisqa muddatda hududdagi koʻp qavatli uylarni taʼmirlash, yoʻllarga shagʻal yotqizish rejalashtirilgan. Holatiga koʻra, elektr, suv va gaz tarmoqlari yangilanadi yoki sozlanadi. Aholini band qilish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ham istiqbolli rejalar bor.
Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi shu joyda hokimlik va kommunal xizmat koʻrsatish korxonalari rahbarlari bilan muloqot oʻtkazib, obodonlashtirish, qurilish va taʼmir ishlariga qoʻshimcha texnikalar, yonilgʻi mahsulotlari ajratish, koʻchalarga shagʻal yotqizishni jadallashtirish boʻyicha topshiriqlar berdi.
Soʻng boshqarma boshligʻi Zafarobod tumanining “Uzun” qishloq fuqarolar yigʻinidagi tadbirkorlik subʼektlari vakillari bilan uchrashdi. Intensiv usulda baliq yetishtirish ustida ish olib borayotgan Sherzod Zokirov faoliyati bilan qiziqdi.
Shuningdek, general-mayor Gʻayrat Qodirov Arnasoy tumanidagi 3-sektor hududida joylashgan Mirzo Bobur nomidagi mahalla fuqarolar yigʻiniga ham bordi. Bu mahallani qisqa muddatlarda obod qilish koʻzda tutilayotir. Hududda hozir oʻndan ortiq qurilish texnikalari ishlamoqda. Tez orada mahallada bandlikni taʼminlash, tadbirkorlikni rivojlantirishga kirishiladi.
Alijon ABDUSATTOROV,
“Rostda” muxbiri.
Jizzax viloyati.
