Ahmad Muhsinov ayni navqiron yoshda Buxoro shahridan harbiy xizmatga, aniqrogʻi, jangu jadal kechayotgan frontga chaqirildi.

         – 1947 yilgacha qirgʻinbarot janggohda, soʻng Yevropaning turli davlatlarida armiya safida boʻldim, – deydi urush faxriysi Ahmad Muhsinov. –Xudoga shukur, Vatanimga sogʻ-omon qaytish nasib etdi. Urushdan keyingi yillarda Buxoro davlat pedagogika institutining tarix fakultetida tahsil oldim. Bir muddat oʻrta maktabda pedagog sifatida yoshlarga saboq berdim.

         Ahmad Muhsinovning qariyb yigirma yillik faoliyati bevosita ichki ishlar tizimida kechdi. Bu davrda u yurt tinchligi va osoyishtaligi yoʻlida turli lavozimlarda xizmat qilgan.

         Kuni kecha viloyat hokimi, harbiy-maʼmuriy sektor rahbari Botir Zaripov Buxoro shahrining Chashmayu Ayub koʻchasi, 9-uyda yashovchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Ahmad Muhsinov xonadoniga tashrif buyurdi. Unga sektorlar rahbarlari, viloyat Mudofaa ishlari boshqarmasi, Buxoro harbiy garnizoni mutasaddilari va jamoatchilik vakillari hamrohlik qildi.

         Ushbu fayzli xonadonda kechgan suhbatda viloyat hokimi Ikkinchi jahon urushi va mehnat fronti faxriylari davlatimizning doimiy eʼtiborida ekanini taʼkidlab, urush qatnashchisiga samimiy minnatdorlik izhor etdi. Shundan soʻng Prezidentimizning Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga yoʻllagan Yangi yil tabrigini oʻqib eshittirdi, pul mukofoti va qimmatbaho sovgʻalarni topshirdi.

J.SHUKURLAYEV,

katta leytenant.

Buxoro viloyati.