Kun qahramoni
1996 yil 1 noyabr kuni Buxoro viloyati, Gʻijduvon tumanida istiqomat qiluvchi Xudoyberdiyevlar xonadonida oʻgʻil farzandning dunyoga kelishi oila aʼzolari uchun unutilmas xursandchilikni tuhfa etdi. Avvalambor, farzandlarning komil inson sifatida voyaga yetishi oilaviy sogʻlom muhitga bogʻliq. Bugungi kunda 24 yoshni qarshilagan lavhamiz qahramoni havas qilsa arzigulik mana shunday namunali xonadonda tarbiya topdi, oʻsib-ulgʻaydi.
Shahrizod Xudoyberdiyev 2018 yili IIV Akademiyasini muvaffaqiyatli tamomlab, 2020 yilga qadar dastlab Navoiy viloyatining Karmana tumani, soʻngra Xatirchi tumani IIB huzuridagi TBda tergovchi vazifasida xizmat olib bordi. Hozirda u oʻz ish faoliyatini Navoiy viloyati IIB huzuridagi TB Yoʻl-transport bilan bogʻliq jinoyatlarni tergov qilish boʻlinmasi tergovchisi sifatida davom ettiryapti. U ustozlariga ergashib, oʻz sohasining yetuk mutaxassisi boʻlishga ahd qilgan.
Sadoqat hamda fidoyilikni shior bilgan bu xodim oʻziga talabchanligi, tirishqoqligi hamda tashabbuskorligi bilan hamkasblari orasida obroʻ-eʼtibor qozongan. Katta leytenant Shahrizod Xudoyberdiyev joriy yilda 18 ta jinoyat ishini tergov qildi. Tergov jarayonida oʻta sinchikovligi natijasida 2 ta yangi jinoyatni aniqlashga muvaffaq boʻlgan. Shuningdek, 2 nafar qidiruvda boʻlgan shaxsning qoʻlga olinishida ishtirok etdi. Aholining huquqiy madaniyatini oshirish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida 20 dan ortiq tergov qilingan jinoyat ishlari yuzasidan kiritilgan taqdimnomalar muhokamasida faol ishtirok etdi.
– Shahrizod Xudoyberdiyev tomonidan amalga oshirib kelinayotgan hududda jinoyatchilikni jilovlash, kriminogen vaziyat barqarorligini taʼminlash, profilaktik chora-tadbirlarni kuchaytirish, sodir etilayotgan jinoyatlarni oʻz vaqtida fosh qilish, ayniqsa, yoshlar jinoyatchiligining oldini olishga qaratilgan ishlar oʻzining samarasini bermoqda, – deydi viloyat IIB huzuridagi TB Yoʻl-transport bilan bogʻliq jinoyatlarni tergov qilish boʻlinmasi boshligʻi, mayor Nurbek Rahmatov. – Eng muhimi, u kasbimizning masʼuliyati hamda mashaqqatini teran anglaydi, tergov jarayonida hech bir jihatni eʼtibordan chetda qoldirmaydi, har bir ishga sidqidildan, vijdonan yondashadi. Natijada jinoyatlarning tez va oson fosh etishga erishmoqda.
Dilrabo ABDUHAMIDOVA,
safdor.
Navoiy viloyati.
