Uychi tuman ichki ishlar boʻlimi 1973 yilda qurilgan eski binoda faoliyat yuritib kelayotgan edi. Tuman markazidagi uch qavatli bino mukammal taʼmirlanib, tuman ichki ishlar boʻlimi uchun foydalanishga topshirildi.

 “Otash” xususiy korxonasi tomonidan 5 mlrd. 950 million soʻm mablagʻ evaziga mukammal taʼmirlangan bino bugungi kunda zamonaviy koʻrinishga ega boʻldi. Boʻlimdagi xizmat xonalari yangi jihozlar va zamonaviy texnika vositalari bilan taʼminlandi. Xonalar yorugʻ va shinam. Issiqlik taʼminoti ham toʻliq yangilandi. Qoʻshimcha faollar zali, sportzal, oshxona ham mavjud.

Mustaqillik bayrami arafasida mazkur binoning foydalanishga topshirilishi katta shodiyonaga aylandi. Marosimda Namangan viloyati hokimining birinchi oʻrinbosari Tolibjon Yusupov, Namangan viloyati IIB boshligʻi, polkovnik Adil Ataxodjaev, Uychi tumani hokimi Muhammadzokir Mamatxonov va boshqalar ishtirok etdi. Soʻzga chiqganlar barchani Mustaqillik bayrami hamda mazkur binoning foydalanishga topshirilishi bilan samimiy tabriklashdi. Shundan soʻng sohada ibratli faoliyat olib borayotgan ichki ishlar organi xodimlaridan bir guruhiga «Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi» esdalik nishoni topshirildi.

Feruza OTAXONOVA,

«Postda» muxbiri.

Namangan viloyati.