Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari – Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti boshligʻi, general-mayor Davron Nazarmuhamedov Gʻijduvon tumanining 3-sektoriga qarashli “Beshtuvo” mahallasida sayyor qabul oʻtkazdi. Sayyor qabulda viloyat IIB boshligʻi, polkovnik Mirjamol Miralimov, tuman sektor rahbarlari va tegishli tashkilotlar masʼullari qatnashdi.

Sayyor qabul davomida 60 nafardan ortiq fuqaro 25 ga yaqin murojaat bilan ishtirok etishdi. Murojaatlarning aksariyatini davolanishda amaliy yordam berish, ichki ishlar organlariga ishga kirish, elektr taʼminoti, imtiyozli kredit asosida tikuv mashinasi, motosikl olib berishda amaliy yordam, bir martalik moddiy yordam ajratish bilan bogʻliq boʻldi. Murojaatlarning aksariyati joyida ijobiy hal etildi. Shuningdek, qabul davomida aholi uchun chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrik, arzonlashtirilgan oziq-ovqat yarmarkasi ham tashkil etildi.

Bundan tashqari, 3 nafar fuqaroga imtiyozli kredit asosida tikuv mashinasi, 2 nafar fuqaroga elektromotosikl olib berildi. Qoʻshimcha oʻrganish va qonuniy qaror qabul qilinishi vaqt talab etadigan murojaatlar ish yurituviga qabul qilinib, ijrosi alohida nazoratga olindi. Ularni hal etish boʻyicha masʼul idoralar rahbarlarga zarur koʻrsatma va topshiriqlar berildi.

Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati.