Aholini qiynab kelayotgan kundalik hamda maishiy muammolarini aniqlash va hal etish, elektr energiyasi, suyultirilgan gaz taʼminoti, koʻmir yoqilgʻisi yetkazib berish borasida amalga oshirilgan ishlarni yaqindan oʻrganish maqsadida Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, general-mayor A.Ikramov boshchiligidagi ishchi guruh joriy yil 19 yanvar kuni Shahrisabz tumanida boʻldi.
Vazir oʻrinbosari tumanda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati, shuningdek, anomal sovuq tufayli tashkil etilgan tezkor shtab faoliyat bilan tanishdi. Tezkor shtabda jamlangan elektr energiyasi va gaz taʼminoti xizmati vakillari bilan suhbatlashib, ushbu yoʻnalishda fuqarolardan tushayotgan murojaatlarni atroflicha tahlil qilib, isitish tizimida vujudga kelgan muammolarni oʻz vaqtida bartaraf etish boʻyicha ishchi guruhga tegishli topshiriq va koʻrsatmalar berdi.
Shuningdek, tuman markazidan olisda va togʻli hududlarda yashovchi gaz bilan taʼminlanmagan aholiga koʻmir yoqilgʻisi, oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berishni tashkil etish ishlari bilan yaqindan tanishdi.
Shahrisabz tumani aholisini koʻmir bilan taʼminlovchi “Tanxoz” MFY hududidagi koʻmir tarqatish omboriga borib, bu yerdagi ish jarayoni koʻzdan kechirildi.
Tezkor shtab va sektorlar rahbarlariga qish mavsumida koʻmir zaxirasini koʻpaytirish boʻyicha aniq koʻrsatmalar berildi.
Tumandagi “Shamaton” MFY hududida joylashgan koʻp qavatli uylarda boʻlgan ishchi guruh aholining yashash shart-sharoitlari hamda oziq-ovqat doʻkonlaridagi narx-navolarni ham oʻrgandi. Mahallaning Shamaton qishlogʻida yashovchi ehtiyojmand oila vakili Zulfiya Ixtiyorovaning oilaviy sharoitlari oʻrganilib, oziq-ovqat mahsulotlari berildi.
Ishchi guruhning oʻrganishlari viloyat boʻylab davom etmoqda.
Qashqadaryo viloyati IIB Axborot xizmati
