Oʻzbekiston tashqi siyosiy faoliyatda qatʼiy pozitsiyaga ega. Ushbu faoliyatdagi asosiy vazifalaridan biri oʻz hududi atrofida xavfsizlik, barqarorlik va ahil qoʻshnichilik muhitini shakllantirishdan iborat. Bu yoʻlda davlatimiz rahbari tomonidan yaqin qoʻshni davlatlar bilan doʻstona va oʻzaro manfaatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, rivojlantirish hamda mus­tahkamlash, xavf-xatarlarni birgalikda, oʻzaro kelishuv asosida bartaraf etish asosiy ustuvor tashqi siyosiy yoʻnalish sifatida belgilab berilgan. Binobarin, Oʻzbekiston Respub­likasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oʻzining «Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: oʻzaro bogʻliqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik» nomli maqolasida «Bunday murakkab sharoitda bir haqiqat aniq: hech bir mamlakat yolgʻiz holda ushbu global xavf-xatarlarni chetlab oʻtish yoki bartaraf etishga qodir emas», – deb taʼkidlaydi.

Shuni alohida qayd etish kerakki, ShHT asosan aʼzo davlatlarning xavfsizligini taʼminlashga 

masʼul boʻlsa-da, harbiy tashkilot emas. ShHTning mintaqaviy xavfsizlik va iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sifatida oʻz oldiga qoʻygan vazifalari barqaror taraqqiyot va farovon istiqbol uchun hamkorlikda faoliyat yuritishni taʼminlashdan iboratdir. 

Shu bilan birga, har bir aʼzo davlat hamkorlik yuzasidan kelishilgan vazifalarni oʻzi hududida izchil amalga oshirishga masʼul hisoblanadi. Bu borada ham Oʻzbekistonda tizimli ishlar yoʻlga qoʻyilgan. Jumladan, 2017-yil 9-iyunda Ostona shahrida ShHTga aʼzo davlatlar rahbarlari Kengashi yigʻilishida Oʻzbekiston Respub­likasi tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar va takliflarni amalga oshirish yuzasidan Oʻzbekis­ton Respublikasi Prezidentining «Oʻzbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi tashkil etilishini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori qabul qilindi. Mazkur qarorda Oʻzbekistonda Tashkilotning Xalq diplomatiyasi markazini tashkil etish va uning asosiy vazifalari va yoʻnalishlari belgilab berildi. 

Shuningdek, mamlakatimiz rahbari Sh. Mirziyoyev oʻzining «Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: oʻzaro bogʻliqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik» nomli maqolasida «Bizning asosiy shiorimiz – «Har birimiz kuchli boʻlsakkina ShHT kuchli boʻladi». Uni amalda roʻyobga chiqarish yoʻlida Tashkilotni yanada kuchli va xalqaro hamkorlarimiz uchun yanada jozibador boʻlishiga erishish uchun jiddiy harakat qildik», – deb taʼkidlaydi.

Anqara Inqiroz va siyosiy tadqiqotlar markazi direktori Mexmet Seyfetdin Erol «Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislik qilish va Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan ushbu tuzilma doirasida ilgari surilgan ustuvor vazifalarning amalga oshirilishi, haqiqatan ham, jahon miqyosida ishonch va geosiyosiy qarama-qarshiliklar inqirozi kuchayib borayotgan bugungi murakkab davrda ShHTning nufuzi va mavqeini mustahkamlashga xizmat qildi», – deya qayd etdi. 

Binobarin, ana shunday nufuzli tashkilotning Oʻzbekiston raisligida oʻtadigan Samarqand sammiti xalqaro munosabatlarda samarali muloqotni yoʻlga qoʻyishga xizmat qiladi. Ushbu tarixiy sammit iqtisodiy sohani yanada barqarorlashtirish, innovasion taraqqiyotni amalga oshirishda oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, yangi bozorlarni tashkil qilish, barqarorlik va xalqaro hamkorlikni kengaytirish uchun ustuvor vazifalarni belgilab olish imkoniyatini beradi.

Shavkat TOʻRAYEV,

Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti boʻlim boshligʻi,

falsafa fanlari nomzodi, dotsent.