– Bugun jinoyatlarni «issiq izida» fosh qilish, ashyoviy dalillarni tezkorlik bilan tadqiq etish jarayonlariga zamonaviy texnologiyalar keng joriy etilmoqda, – deydi viloyat IIB Ekspert-kriminalistika markazi boshligʻi, podpolkovnik Umidjon Xalikov. – Vazirlik rahbariyatining tashabbusi bilan yaqinda Toshkent shahri, Fargʻona, Samar­qand, Xorazm va Surxondaryo viloyatlari ichki ishlar boshqarmalaridagi ekspert-krimina­listika markazlariga xalqaro tajribada sinovdan oʻtgan va rivojlangan mamlakatlarda keng qoʻllanilayotgan xromato-mass-spektrometr uskunasi olib kelib oʻrnatilgani ham fikrimizga misol boʻla oladi.

Markaz rahbarining qayd etishicha, iyun oyida markaz bazasida yangi olib kelingan ushbu zamonaviy uskunani ishlatish borasida oʻquv kurslari tashkil etilib, unga xalqaro mutaxassislar va yuqoridagi viloyat mutaxassislari jalb qilingan.

Litva Respublikasi Polit­siya departamenti komissari Zvironayte Izolda tomonidan olib borilgan oʻquv kurslarida soha xodimlarining zamonaviy uskunadan foydalanish borasidagi bilimlari boyitildi.

 – Ilgari ashyoviy dalil tariqasida olingan giyohvand­lik, psixatrop va kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning tarkibi­ni tadqiq etish va xulosa olish uchun uni poytaxtga yuborardik, – deydi markaz boshligʻi. – Endi ushbu imkoniyat oʻzimizda paydo boʻldi. Hozirda nafaqat Fargʻona viloyatidagi, balki vodiyning uchta viloyati boʻyicha ham tahlillarni shu yerda oʻzimiz amalga oshiryapmiz.

Oʻz muxbirimiz.