Munosabat
Biz yashayotgan bugungi jamiyatda barcha islohotlar, saʼy-harakatlar inson qadrini ulugʻlashga qaratilgan. Negaki, inson qadr-qiymati ustun qoʻyilgan joyda ijtimoiy adolat oʻrnatiladi. Davlatimiz rahbarining joriy yil 20 yanvardagi «Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga yoʻnaltirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qarori uning negizida ayni shu maqsad yotgani bilan ahamiyatlidir.
Qarorda bugun tizimda xizmat qilayotgan xodimlarni yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga ega, oʻz burchiga sodiq, halol, vatanparvar etib tarbiyalash, shu orqali aholining roziligiga erishish nazarda tutilmoqda. Shu bilan birga, tizimda korruptsiya, tamagirlik, manfaatlar toʻqnashuvi kabi holatlarning oldini olish, faoliyatning ochiqligi va shaffofligini taʼminlashga ham eʼtibor qaratilgan.
Bunday natijaga erishish uchun esa qaror bilan Ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksi tasdiqlandi. Mazkur kodeksda belgilangan qoida va talablarga amal qilish xodimning xizmat faoliyati samaradorligi va xizmat intizomini baholashning asosiy mezonidir, deya olamiz.
Qarorda ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibining jangovar va jismoniy tayyorgarlik darajasini oshirishning uzluksiz tizimini yaratishga ham alohida eʼtibor qaratilgan boʻlib, uni baholash yangi mezonlar asosida amalga oshiriladi.
Umuman olganda, har bir soha vaqti-vaqti bilan isloh qilinib borilsa, unda rivojlanish boʻladi. Oʻylaymanki, ushbu qaror va uning bilan tasdiqlangan kodeks hamda nizomlar ichki ishlar organlari tizimida tub burilish yasashiga va eng muhimi, xalqchil tuzilmaga aylanishiga xizmat qiladi.
Sherzod SHODIYEV,
Surxondaryo viloyati IIB boshligʻi oʻrinbosari-maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati boshligʻi, podpolkovnik.
