Navoiy viloyati IIB, Prokuraturasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Navoiy viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari oʻzaro hamkorlikda profilaktik tadbir tashkil etishdi. Bundan koʻzlangan maqsad Navoiy shahri hududida jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi kurashishdan iborat edi. 

Tadbir davomida koʻcha va jamoat joylarida shubha uygʻotgan hamda huquqbuzarlik sodir etgan fuqarolar ichki ishlar organlariga olib kelinib, shaxslariga aniqlik kiritilib, ularga nisbatan belgilangan tartibda qonuniy choralar koʻrildi. Tungi vaqtda qarovsiz yurgan bolalar viloyat IIB Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markaziga olib kelindi. Mastlik holatida boʻlgan fuqarolar esa Navoiy shahar narkologiya dispanseriga yotqizildi. Koʻcha va jamoat joylarida bemaksad yurgan, tayinli yashash joyiga ega boʻlmagan shaxslar Reabilitasiya markaziga joylashtirildi. Noxush holatlarning oldini olish maqsadida fuqarolarga buklet va flaerlar tarqatildi. 

Shuningdek, hududlardagi kafe-barlar, dorixonalar va savdo doʻkonlari egalari bilan profilaktik suhbatlar oʻtkazildi. Mazkur joylarda oʻgʻrilik jinoyatlarining oldini olish uchun Milliy gvardiya qoʻriqlash xizmati pulʼtiga ulanish, videokuzatuv kameralarini  oʻrnatish  choralarini koʻrishlari lozimligi toʻgʻrisida tushuntirish berildi. Idoraviy qorovullik boʻlinmalarida xizmat olib borayotgan obʼekt qorovullarining xizmat faoliyati oʻrganildi. 

 Navoiy viloyati IIB JXX JTSB PPX batalʼoni xodimlari tomonidan tadbir davomida xizmat yoʻnalishlarida fuqarolarning qarovsiz qoldirilgan shaxsiy buyumlari, jumladan bolalar aravachasi, velosipedlar hamda avtomashinalar aniqlanib, ularni egalariga topshirish choralari koʻrildi. 

Mahliyo XOLOVA,

oʻz muxbirimiz.

Navoiy viloyati.