Qoraqalpogʻiston Respublikasi Transportda xavfsizlikni taʼminlash bosh­qarmasi hamda uning tarkibiy boʻlinmalarining transport infratuzilmasi obyektlarida jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jamoat tartibini saqlash, yoʻlov­chi va yuk poyezdlarining xavfsiz harakatlanishini taʼminlashda munosib hissasi bor. 

– Boshqarmamizga qarashli «Qoraqalpogʻiston», «Boʻston», «Xoʻjayli», «Miskin», «Nukus» temiryoʻl bekatlaridagi boʻlinmalarining xizmat koʻrsatish hududi umumiy uzunligi 866,7 kilometrni tashkil etadi, – deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Transportda xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari, podpolkovnik Makset Jangirov. – Joriy yilning oʻtgan 11 oyi davomida xodimlarimiz tomonidan 47 ta jinoiy holat aniqlanib, oʻtgan yilga taqqoslaganda, ularning sezilarli kamayishiga erishildi. Aniqlangan jinoyatlarni tahlil etsak, ularning aksariyati oʻzlashtirish va rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish, shtamplar, muhrlar, blankalarni tayyorlash, qalbakilashtirish, mansab soxtakorligi kabi holatlardir. 

Bundan tashqari, ushbu davr mobaynida boshqarma jinoyat-qidiruv boʻlinmasi xodimlari tomonidan qidiruvdagi 4 nafar shaxs qoʻlga olingan. Masalan, «Qoraqalpogʻiston» temiryoʻl bekatiga kelib toʻxtagan «Xoʻjand-Volgograd» yoʻnalishidagi yoʻlovchi poyezdini koʻzdan kechirish davomida qidiruvdagi shaxs T.K. borligi aniqlanib, qoʻlga olindi. Shuningdek, «Domodedova-Nukus» reysidagi yoʻlovchilarni tekshirish davomida jinoyati uchun qidiruvda boʻlgan A.S. ushlandi. 

Sir emaski, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning kamayishida huquqbuzarliklar profilaktikasi muhim oʻrin tutadi. Shu kunga qadar boshqarma profilaktika inspektorlari tomonidan huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarga nisbatan 2700 dan ortiq maʼmuriy bayonnomalar tuzilgan boʻlsa, 3 nafar shaxsi nomaʼlum fuqaro reabilitatsiya markaziga joylashtirilgan. Kelgusida bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida xizmat hududida joylashgan taʼlim muassasalari, temiryoʻl obyektlariga yaqin joylashgan mahallalarda jamoatchilik vakillari ish­tirokida tadbirlar oʻtkazilib, tushun­tirish ishlari olib borilmoqda.

Azamat PIRNIYAZOV,

oʻz muxbirimiz.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi.