Maktab-internat oʻquvchilaridan iborat «Umid uchqunlari» ansambli tashkil etilib, vazirlikning «Orol yulduzlari» ansambli bilan birgalikda joylarda xayriya konsertlari oʻtkazildi. Konsertdan tushgan pul mablagʻlari maktab-internatining moddiy-texnik bazasini yaxshilash, oʻquvchilarni har jihatdan qoʻllab-quvvatlash uchun yoʻnaltirib kelinmoqda.
2022–2023 oʻquv yilida davlat mablagʻi hisobidan koʻzi ojiz bolalar uchun futbol maydonchasi qurilgan boʻlsa, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi tomonidan ajratilgan mablagʻ evaziga bitta sinf toʻliq kompyuter texnikalari bilan jihozlandi.
Shuningdek, maktab-internatda maxsus brayl shriftidagi darsliklar va badiiy kitoblarni, oʻquv qoʻllanmalarini kitob holiga keltirishda
«Displey» qurilmasidan foydalanish amaliyoti yoʻlga qoʻyilmoqda.
– Koʻzi ojiz koʻruvchi shaxslar uchun ushbu qurilmaning afzalligi nihoyatda katta. Bu qurilma koʻzi ojiz oʻquvchilarning kompyuterdan foydalanishini osonlashtirib, word dasturida erkin ishlash, PDF dasturidagi kitoblar, darsliklarni oʻqish, internet tarmogʻidan foydalanish imkonini beradi. Ayni paytda 12 nafar oʻqituvchiga ushbu qurilmadan foydalanish oʻrgatilmoqda. Noyabr-dekabr oylaridan ular oʻquvchilarga oʻrgatishni boshlaydi, – deydi maktab-internat direktori Aydarbek Aymuratov.
Azamat PIRNIYAZOV,
oʻz muxbirimiz.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi.
