Ogʻir sharoitda qolib, yordamga muhtoj boʻlgan ayollar va oilalar Toshkent shahar IIBB xotin-qizlar masalalari boʻyicha inspektorlarning diqqat markazida.
Yangihayot tumani 2-son IIB xotin-qizlar masalalari boʻyicha inspektor kapitan B. Kalbaeva “Oriyat” mahallasida yashovchi 37 yoshli F.B.ning oilasida nomaqbul psixologik muhit yuzaga kelganini aniqladi. Ushbu maʼlumot tasdiqlangach, kapitan B. Kalbaeva mahalla faollari bilan birgalikda oiladan xabar olishdi. Suhbat davomida ayolning maʼlum qilishicha, uning turmush oʻrtogʻi 39 yoshli S.K. unga nisbatan tizimli ravishda qoʻpollik qilgan. Farzandlarini oʻylab uzoq vaqt sabr qilgan ayol navbatdagi janjal vaqtida tan jarohati olganidan soʻng ichki ishlar organlariga murojaat qilishga majbur boʻlgan.
Holat batafsil oʻrganilgach, F.B.ning xavfsizligini taʼminlash maqsadida unga himoya orderi berildi. Uning turmush oʻrtogʻi esa gʻayriijtimoiy hatti-harakati nima oqibatlarga olib kelishi mumkinligi toʻgʻrisida ogohlantirildi.
