Mustaqilligimizning 30 yilligi bayrami munosabati bilan viloyat IIBda arzonlashtirilgan qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkasi tashkil etildi.
Yarmarkada ishchi xodimlar uchun qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bozor va doʻkonlarga nisbatan arzon narxlarda taqdim etildi. Savdo rastalarida mol va parranda goʻshti, meva, sabzavotlar, un, guruch, yogʻ va shu kabi 20ga yaqin mahsulotlar bilan birga, xodimlar farzandlari uchun oʻquv qurollaridan iborat maktab bozori ham yoʻlga qoʻyildi.
– Mustaqillik bayramini koʻtaringki kayfiyatda kutib olish maqsadida har bir xonadonda bayram dasturxoni yozilishi anʼanaga aylangan, – deydi xoʻjalik xizmati haydovchisi, safdor Jonibek Rahimov. – Dasturxonimizni nozi-neʼmatlarga toʻldirib, shodiyonani toʻkin-sochinlikda nishonlashimiz uchun IIB rahbariyati tomonidan oziq-ovqat yarmarkasining tashkil etilishi biz uchun ayni muddao boʻldi. Oilamiz bilan kelib mahsulotlarni arzon narxlarda xarid qildik. Farzandlarimiz uchun zarur oʻquv qurollarini ham shu yarmarkada sotib oldik.
Bu kabi arzonlashtirilgan yarmarkalar IIB xodimlari va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab- quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Maxliyo XOLOVA,
“Postda” muxbiri.
Navoiy viloyati.
