2021 yilda Jizzax viloyatida 447 ta yoʻl-transport hodisasi sodir boʻldi. Buning oqibatida 26 nafar velosipedchi jabrlandi. 175 holatda esa piyodalarga aziyat yetdi. Ulardan 92 nafari bolalardir. Umuman olganda yoʻl-transport hodisalarida 372 nafar fuqaro jiddiy jarohatlangan, ulardan 152 nafari hayotdan koʻz yumgan.
Bu raqamlar ortida oʻlim va nogironlik bilan bogʻliq qanchalar gʻam va tashvish borligini tasavvur qilish qiyin emas. Aytish joiz, noxush hodisalarning aksariyati haydovchilarning yoʻl harakati qoidalariga amal qilmasligi, qoidalarni bilmasligi, mast holatda transport vositasini boshqarishi, tajribasizlik, qolaversa, yoʻlning belgilanmagan joyidan kesib oʻtayotgan piyodalarga yoʻl bermaslik sabab sodir boʻlmoqda.
Piyodalarda ham ayb yoʻq deyolmaymiz. Yoʻlning belgilanmagan joyidan kesib oʻtish, yoʻlni kesib oʻtayotgan vaqtda aloqa vositalaridan foydalanish, yoritilmaydigan yoʻllar chekkasida harakatlanish koʻngilsiz hodisalarni keltirib chiqarmoqda. 20 holatda piyodalar mast holatda yoʻlni kesib oʻtganliklari yoki serqatnov yoʻl yoqasida harakatlanganliklari tufayli jabrlanishdi.
Shu bilan birga, bolalarni qarovsiz qoldirish, ularning yoʻl harakati qoidalarini bilmasligi, voyaga yetmaganlarning serqatnov yoʻllarda kattalar nazoratisiz harakatlanishi, yoʻl boʻylarida oʻynashlari natijasida ayanchli voqealar roʻy bergan. Jumladan, 2021 yili viloyatda 13 nafar bola avtohalokatlar bois vafot etgan.
Bu mavzuda soʻz yuritib, kimningdir dilini xira qilishni koʻzda tutmaganmiz. Niyatimiz, boshqalarni xushyorlikka undash. Demoqchi boʻlganimiz, qoidalarga amal qiling, yoʻllarda harakatlanayotganingizda oʻzgalarga hurmat bilan munosabatda boʻling. Shunda hammasi joyida boʻladi.
Abbos DADASHOV
Jizzax viloyati IIB YHXB inspektori, safdor.
