Buxoro davlat universiteti bosh binosining majlislar yigʻingohida kuz-qish mavsumini va joriy yilning 15-noyabrdan 15-dekabrgacha “Yongʻin xavfsizligi oyligini namunali oʻtkazish” hamda “Aholi orasida is gazidan zaharlanish va tabiiy gazdan chaqnash holatlarining oldini olish borasida profilaktik tadbirlarni yanada kuchaytirish, ularning samaradorligini oshirish chora-tadbirlari” mavzularida oʻquv mashgʻuloti oʻtkazildi. Unda kuz-qish mavsumini betalafot oʻtkazish va is gazidan zaharlanishning oldini olish, talabalar turar joylarini oʻrganish, yongʻin va favqulodda holatlarda insonlarning halok boʻlishi kabi holatlar sodir boʻlishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida universitet professor-oʻqituvchilari, talabalar va ishchi-xizmatchilar oʻrtasida targʻibot-tashviqot ishlari amalga oshirildi.
Tadbirda soʻzga chiqqanlar aholining is gazidan zaharlanishiga dudburonlarning tozalanmaganligi va boshqa sabablarni uqtirishib, kuz-qish mavsumida konverva mahsulotlaridan va is gazidan zaharlanganda birinchi tibbiy yordam koʻrsatish toʻgʻrisida toʻxtalishdi. Oʻquv mashgʻuloti yakunida is gazi va konverva mahsulotlaridan zaharlanish haqida videoroliklar namoyish etildi.
Bundan tashqari, yongʻin oʻchirish avtomashinalari va jihozlarining koʻrgazmalari boʻldi. Koʻrgazmada ularning amaliyotda ishlatilishi ishtirokchilarga namoyish qilindi.
F.BOLTAYEV,
isteʼfodagi podpolkovnik.
Buxoro viloyati.
