Olimjon Xoʻjayev Toshkent temiryoʻl kollejida oʻqib yurgan kezlarida ichki ishlar organi xodimi boʻlishni niyat qilgan edi. Taʼlim muassasasini tugatganidan soʻng, mahallalarda profilaktika inspektorlarining jamoat tartibini saqlash boʻyicha yordamchilari xizmatga qabul qilinayotgani haqida eshitib, hujjatlarini topshirdi.
Tanlovdan muvaffaqiyatli oʻtgan lavhamiz qahramoni Yashnobod tumanidagi «Yangi davr» mahallasida faoliyatini boshladi. Keyin uni «Jarqoʻrgʻon» mahallasida joylashgan 274-ichki ishlar organlari tayanch punkti profilaktika katta inspektori yordamchiligiga oʻtkazishdi.
– Mahallamizda 56 ta koʻp qavatli va 54 ta yerli xonadon mavjud boʻlib, ularda 2500 nafardan oshiq aholi istiqomat qiladi, – deydi mahalla fuqarolar yigʻini raisi Kamoliddin Oʻrinboyev. – Olimjon har bir fuqaroni yaxshi biladi. Biz bilan birga doim ularning yaxshi-yomon kunida yonida turadi.
– Olimjon mahallada istiqomat qiluvchi voyaga yetmaganlar, yoshlar bilan xuddi oʻz ukalaridek munosabatga kirishib, ular oʻrtasida huquqbuzarlik hamda jinoyatchilikning oldini olishda bizga yaqin koʻmakdosh boʻlib kelmoqda, – deydi profilaktika katta inspektori, podpolkovnik Quvonchbek Kukuzov. – Shuningdek, profilaktik hisobda turuvchi shaxslar bilan muntazam ravishda suhbat olib boradi. Hatto u yaqinda tungi vaqtda giyohvandlik vositasi bilan bogʻliq bir jinoyatni «issiq izida» ochishda bevosita ishtirok etdi.
Sarvar SOBIROV,
oʻz muxbirimiz.
Toshkent shahri.
