Soʻnggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarning barchasi inson qadri uchun ekanligi, bu jarayonda yoshlarning ham ishtirokini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilayotgani maqsadga muvofiqdir.
Shu boisdan yaqinda Toshkent viloyatining Oqqoʻrgʻon tumanida ham yoshlar bilan uchrashuv oʻtkazildi. “Ishga marhamat monomarkazi”da boʻlib oʻtgan mazkur tadbirda viloyat IIBB masʼullari, tuman hokimi, ichki ishlar boʻlimi boshligʻi hamda mutasaddi tashkilotlarning vakillari ishtirok etishdi.
Dastlab, kelajagimiz egalarining turli mazmundagi murojaatlari tinglanib, ularga yechim topish choralari koʻrilgan boʻlsa, soʻngra, yoshlar bandligini taʼminlash maqsadida ularning 20 nafariga ushbu markazda kasb oʻrganishga, 10 nafariga esa, ishga kirishi uchun yoʻllanmalar berildi. Shuningdek, tadbir davomida 100 dan ortiq yoshlar chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, sogʻligʻida muammosi boʻlganlariga muolaja qilish belgilandi. Shu bilan birgalikda, oila-turmush doirasida turli vaziyatlarga tushib qolgan xotin-qizlarga huquqiy maslahatlar berilib, ularning ruhiy holatini yanada yaxshilash uchun psixologik trening ham tashkil etildi.
Keng qamrovli ushbu tadbir davomida yoshlar orasida sportni kuchaytirish hamda sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish maqsadida, mahalla qizlari oʻrtasida voleybol musobaqasi oʻtkazilib, uning gʻoliblari tantanali ravishda taqdirlandi.
Qisqa qilib aytganda, yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida viloyatning barcha shahar va tumanlarida tashkil etilayotgan bu kabi tadbirlar oʻz samarasini berishi shak-shubhasizdir.
Mixli SAFAROV,
oʻz muxbirimiz.
