Bogʻot tumanidagi “Yoshlik” bolalar oromgohida oʻgʻil-qizlarning dam olishi va koʻngilli xordiq chiqarishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Bu yerda futbol, voleybol, stol tennisi, shaxmat-shashka, rassomchilik, tikuvchilik va toʻquvchilik kabi oʻndan ziyod turli toʻgaraklar muntazam faoliyat koʻrsatmoqda. 

Oromgohda oʻtkazilayotgan “Giyohvandlik – asr vabosi”, “Biz jinoyatchilikka qarshimiz”, “Odam savdosi – ogʻir jinoyat”, “Yoʻl harakati qoidalariga rioya eting!”, “Olov – tilsiz yov!” kabi koʻplab tadbirlar yoshlarni jamiyatimizga yot boʻlgan turli gʻoya va illatlardan himoya qilishda hamda ularning jinoyat koʻchasiga kirib qolishining oldini olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Yaqinda mazkur oromgohda tuman IIB tashabbusi bilan “Biz sogʻlom turmush tarzi tarafdorimiz!” shiori ostida sport musobaqasi hamda intellektual bellashuv boʻlib oʻtdi. Tadbirlarda har bir oʻgʻil-qiz oʻz bilim va mahoratini namoyish etib, gʻolib boʻlishga intilishdi. Qizgʻin va murosasiz bahslarga boy boʻlgan ushbu tadbir bolajonlarda unutilmas taassurotlar qoldirdi.

Xudoybergan JABBOROV,

“Postda” muxbiri.

Xorazm viloyati.