Domla Shayxzoda yuksak ilm egasi edi. Ayniqsa, u oʻzbek mumtoz adabiyotini chuqur bilardi. 1941 yilda Toshkentda nashr etilgan «Genial shoir» toʻplami adabiyotshunos olimning Navoiy ijodiga oid ilmiy maqolalaridan tashkil top­gan. Navoiy sheʼriyatining bu chuqur ilmiy tadqiqi navoiyshunoslikda hamisha alohida oʻrin egallab qoladi. 

Shayxzoda Navoiy mahoratini, uning sanʼatkorligini teran oʻrganishni boshlab bergan oʻtkir tadqiqotchi edi. Ustozning yurtimizdagi yetakchi oliygohlarda uzoq yillar davomida oʻzbek adabiyoti tarixidan oʻqigan maʼruzalari, maxsus kurslari ham mumtoz adabiyotimizga boʻlgan ulkan muhabbatning inʼikosi edi.

U uzoq yillar davomida genial oʻzbek shoiri va mutaffakiri Alisher Navoiy ijodini sevib oʻrgandi, qalb mehri bilan bitilgan maqola va risolalarida bu buyuk dahoga boʻlgan yuksak hurmati va muhabbatini katta samimiyat, ilmiy teranlik bilan bayon qildi. Shayxzoda nafaqat Navoiy, balki Bobur, Ogahiy, Amiriy, Nodirabegim, Muqimiy, Zavqiy, Furqat kabi mumtoz shoirlar ijodini ham jiddiy oʻrgangan va oʻz ilmiy tadqiqotlarini doimiy ravishda eʼlon qilib borgan.

Isteʼdodli shoirning jahon adabiyoti mumtoz adiblarining asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilishida ham ana shu buyuk muhabbatni koʻrish mumkin. Jumladan, Shekspirning «Hamlet» hamda «Romeo va Julʼetta» asarlari oʻzbek teatrlari sahnasida Shayxzoda tarjimasida sahnalashtirildi. Pushkin, Lermontov, Bayron sheʼr­larini oʻzbek oʻquvchisiga ilk bor taqdim etgan shoirlar avlodi ichida Shayxzoda ham bor.

QATAGʻON MASNINASI

Oʻtgan asrning 30-yillarida ishga tushgan va keyingi yillarda tinimsiz ishlab turgan qatagʻon mashinasi Maqsud Shayxzodani ham chetlab oʻtmadi. Aynan 50-yillar boshida nuktadon shoirni mutlaqo asossiz ravishda qamoqqa olishadi va u 25 yilga surgun qilinadi. Stalin vafotidan soʻng tuhmat bilan nohaq qamalganlarning ishi qayta koʻrilishi asnosida koʻpgina fidoyi ziyolilarimiz qatori, Shayxzoda ham oqlanib chiqadi. Lekin besh yillik qamoqxona azoblari natijasida shoirning sogʻligʻi juda yomonlashib qolgandi. Shunga qaramay, umrining oxirigacha 10 yil davomida baland uyning eng yuqori qavatida yashashga majbur boʻldi. Ana shunday ogʻir sharoit va xastalikda ham hayotidan sira nolimay soʻnggi nafasigacha ijod qilishdan toʻxtamadi. Eng muhimi, boshidan qanchadan-qancha musibatli kunlar oʻtgan boʻlmasin, u hech qachon zorlanmagan. Unga xiyonat qilgan, uni azob uqubatlarga, jiddiy xastaliklarga duchor qilganlar haqida hech qaerda, hech narsa demagan. Shayxzoda oʻzining insoniy fazilatlariga sodiq qolib, doimo xayrixohlik va olijanoblik xislatlari bilan yuksalib yashadi.

«TOLE DOIM ERKALAMAGAN» ADIB

Koʻpincha ijodkori siylanmagan asarning taqdiri ham shoʻrishlardan xoli boʻlmaydi. Buni «xalqimizning mehnat qahramonligi, kurash va jang, ozodlik va doʻstlik, baxt va alam, yurtning goʻzal manzaralari va insonning maʼnaviy jamoli mening qalamimga oshno, dilimga mazmun boʻlib keldi» deb yozgan Maqsud Shayxzoda va uning shoh asarlaridan biri boʻlgan «Jaloliddin Manguberdi» tragediyasi misolida ham koʻrish mumkin.

«Milliy firqa» tashkilotiga aʼzo boʻlib, musovotchilar harakatida faol qatnashgani uchun 1928 yili hibsga olinib, Toshkentga surgun qilingan shoirni shoʻro hukumati Oʻzbekis­tonda ham taʼqiblar va tahqirlardan benasib qoldirgani yoʻq. 

Ikkinchi jahon urushi ayni qaynoq pallaga kirgan 1944 yilda yozilgan «Jaloliddin Manguberdi» tragediyasida oʻz yurtining ozodligi va mustaqilligi uchun moʻgʻul istilochilariga qarshi kurashgan soʻnggi Xorazm shohining jangovar jasoratini tarixan aniq va haqqoniy tasvirlangani Oybek va Gʻafur Gʻulomlar tomonidan yuksak baholangan. Biroq 1946 yilgacha dramadan ayrim parchalar «Armugʻon» toʻplamida chop etilgani inobatga olinmasa, keyingi 43 yil davomida asar haqida lom-mim deyilmadi. Oʻtmishni ideal­lashtirgan degan siyosiy ayb qoʻyilib, sahnadan olib tashlangan asar ortidan Shayxzodaning oʻzi ham qamoqqa ravona boʻldi. Qizigʻi, muallif mahbus­likdan ozod etilganiga qaramay, musodara qilingan asar qoʻlyozmasi dramaturgga qaytarilmaydi. Yanayam hayratlanarlisi, ne bir mashaqqatlar bilan topilgan yagona nusxa ham bir necha oʻn yillab nashr yuzini koʻrmay yotaveradi.

Taqdirning yana bir shoʻrishini koʻringki, muallif oʻz asarining chop etilganini koʻrmasdan koʻz yumdi. Vafotidan yigirma yil oʻtgach, «Jaloliddin Manguberdi» birinchi marta oʻzbek tilida yozuvchining «Boqiy dunyo» kitobida toʻlaligicha bosilib chiqadi. Oradan yana oʻn yil oʻtgach, Vazirlar Mahkamasining «Jaloliddin Manguberdi tavalludining 800 yilligini nishonlash toʻgʻrisida»gi qarori Maqsud Shayxzodaning xalqimiz tarixiga, xususan, Jaloliddin Manguberdi taqdiri va kurashiga odilona yondashganligi, tarixiy haqiqatni himoya qilganligini yuz foiz tasdiqladi.

XULOSA OʻRNIDA

Shayxzoda qisqa hayot kechirdi – ijodi eng gullagan paytda, ayni shiraga toʻlgan vaqtda 60 yoshga ham toʻlmay, 1967 yil 19 fevralʼ kuni uzoq davom etgan xastalikdan soʻng olamdan koʻz yumdi. U Toshkentning Forobiy qabristonida dafn etilgan. 

Bir zamonlar Nizomiy tavallud topgan Ganja viloyatida tugʻilgan, falakning gardishi bilan oʻzbek tuprogʻiga kelib qolib, zavq-shavq bilan ijod qilgan, zamonaviy oʻzbek adabiy tili va adabiyotiga salmoqli hissa qoʻshgan bu ulugʻ inson haqida hali juda koʻp va xoʻb yozish mumkin edi. Lekin maqolaning xulosasini ham faylasuf shoirning oʻzi aytdi-qoʻydi:

Umrlar boʻladiki,

Tirigida oʻlikdir,

Umrlar boʻladiki,

Oʻlgan odam tirikdir.

Temir QURBON.